Google One qoʻshimcha xizmat shartlari
Kuchga kirishi: 9-noyabr, 2021 |Google One tarif menejeri, Google One ulashayotgan oilaviy guruh ishtirokchisi yoki yozilmagan foydalanuvchi sifatida Google One ishlatish yoki kirish uchun siz (1) Google xizmat shartlari va (2) ushbu Google One qoʻshimcha xizmat shartlarini (“Google One qoʻshimcha shartlari”) qabul qilishingiz kerak.
Bu hujjatlarni diqqat bilan mutolaa qilib chiqing. Bu hujjatlar birgalikda “Shartlar” deb ataladi. Unda Google xizmatlaridan foydalanganingizda siz va bizning majburiyatlarimiz belgilangan.
Fransiyadagi Google One mijozlaridan tashqari, agar bu Google One qoʻshimcha shartlari bilan Google xizmat shartlari orasida ziddiyat yuzaga kelsa, Google One uchun bu Qoʻshimcha shartlar amal qiladi.
Sizga oid axborotlarni yangilash, boshqarish, eksport qilish va oʻchirish haqida batafsi axborot olish uchun bu Shartlarga kirmasa-da, Maxfiylik siyosati bilan tanishib chiqishingiz tavsiya etiladi.
1. Google One umumiy tavsifi
Google One sizga Google xizmatlari va yordami uchun makon sifatida, mukofot va takliflar berish, yangi funksiyalar va mahsulotlar bilan tanishtirish uchun taqdim etilgan. Google One funksiyalariga Google Drive, Google Photos va Gmail xizmatlarida ishlatiladigan pulli xotira tariflari, muayyan Google xizmatlari uchun mijoz xizmati, oilaviy ulashish funksiyalari, mobil zaxira va tiklash hamda Google va tashqi kompaniyalar tomonidan taqdim etilgan boshqa imtiyozlar kirishi mumkin. Qoʻshimcha Google mahsulotlari yoki xizmatlaridan foydalanishingiz shu mahsulot yoki xizmatlarga tegishli xizmat shartlari bilan tartibga solinadi. Ayrim mahsulotlar, funksiyalar va imtiyozlar barcha mamlakatlarda ham ishlamasligi mumkin. Batafsil axborotni Google One yordam markazidan oling.
2. Pulli hisoblar - Toʻlov, obuna va pulni qaytarish
Toʻlovlar. Faqat Google One tarif menejerlari Google One obunasini xarid qilishi, yangilashi, pasaytirishi yoki bekor qilishi mumkin. Google toʻlovni Google Payments hisobi orqali yoki xariddan oldin berilgan toʻlov shakli orqali qabul qiladi.
Obunani bekor qilish. Google One obunasiga yozilgan kuningizdan boshlab Google Payments avtomatik ravishda toʻlovni oladi, Google One obunasi bekor qilingunicha avtomatik ravishda yangilanib turadi. Istalgan vaqt bekor qilish mumkin. Agar obunani bekor qilsangiz, qolgan davri uchun Google One xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Agar bundan tashqari, xizmatni oʻchirish orqali Google One xizmatini oʻchirishni tanlasangiz, Google One xizmatlari va funksiyalaridan darhol ayrilishga rozilik bildirasiz. Bunda mavjud obunaning qolgan davri uchun pul qaytarilmaydi. Agar obuna muddatida Google One xizmatlarini saqlab qolishni istasangiz, shunchaki obunani bekor qiling.
Bekor qilish huquqi. Agar siz YI yoki BQda boʻlsangiz, Google One obunasiga yozilish, oshirish yoki yangilashdan keyingi 14 kun ichida hech qanday sababsiz bekor qilish huquqiga egasiz. Bekor qilish huquqidan foydalanish uchun xarid qilgan provayderingizga qaroringizni ochiq-oydin bayonot bilan xabar qilishingiz kerak.
Pulni qaytarish. Pulni qaytarishga oid qoʻshimcha huquqlar uchun Google Play yoki xarid qilgan provayderingizning tegishli qoidalariga qarang. Agar Googledan xarid qilsangiz, tegishli qonunlarda talab qilinmasa, hech qanday pul qaytarilmaydi yoki qisman hisob-kitob qilinmaydi. Agar Googledan boshqa joydan, masalan, iPhone yoki iPad orqali xarid qilsangiz yoki App Store yoki tashqi provayder orqali Google One obunasiga yozilsangiz, provayderning pulni qaytarish qoidalari amal qiladi. Pulni qaytarish uchun shu tomonga (masalan, Apple yordam xizmati) murojaat qilishingiz kerak.
Narxdagi oʻzgarishlar. Amaldagi Google One narxlarini oʻzgartirishimiz mumkin, ammo bu haqda sizga oldindan xabar beramiz. Yangi narxlar amaldagi rejangiz muddati tugaganidan keyin navbatdagi hisob-kitob davridan boshlab joriy etiladi. Bu haqda sizga oldindan bildirishnoma keladi. Narxlar oshirilishidan kamida 30 kun oldin xabar beramiz. Agar 30 kundan kamroq vaqt ichida bildirishnoma kelsa, yangi narxlar keyingi hisob-kitob davrida tatbiq etiladi. Agar Google One xizmatini yangi narxda davom ettirishni istamasangiz, istalgan vaqtda Google Play, Apple yoki uchinchi tomon obuna sozlamalarida bekor qilish yoki pastroq tarifga almashtirishingiz mumkin. Tegishli toʻlov platformasining shartlarida boshqacha belgilanmagan boʻlsa, obunani bekor qilsangiz yoki pastroq tarifga almashtirsangiz, bu keyingi hisob-kitob davrida tatbiq etiladi. Narx oshganida rozilik olish talab qilinsa, yangi narxga rozilik bildirmasangiz, obuna bekor qilinishi mumkin. Agar obuna bekor qilinsa va keyinroq qayta yozilishni istasangiz, sizdan amaldagi obuna narxi olinadi.
3. Mijozlarga yordam
Google One bir necht Google mahsulotlari va xizmatlarida mijozlar xizmatiga kirish imkonini beradi (“Mijozlarga yordam”). Mijozlarga yordam xizmati sizga yordam bera olmasa, sizni tegishli Google mahsulotining mijozlar xizmatiga yuborishimiz mumkin. Bunday hollarga Google One muayyan Google mahsuloti yoki xizmatiga oid talabga javoban Mijozlarga yordamni taqdim etmagan holatlar kiradi. Agar Google One obunangiz bekor qilinsa yoki pauza qilinsa, Mijozlar xizmatida hal etilmagan muammolaringiz ham pauza qilinishi mumkin, obunani tiklaganingizdan keyin yangi talab yuborishingiz kerak.
4. Cheklangan obunachi imtiyozlari
Google One sizga chegirmali yoki bepul kontent, mahsulotlar va xizmatlar taqdim etishi mumkin (“Cheklangan obunachi imtiyozlari”). Cheklangan obunachi imtiyozlari mamlakat, mavjudlik, muddat, obuna darajasi yoki boshqa omillar tufayli cheklanishi mumkin. Barcha Cheklangan obunachi imtiyozlari hamma Google One obunachilariga taqdim etilmaydi. Ayrim Cheklangan obunachi imtiyozlarini faqat Google One tarif menejeri ishlatishi mumkin, Ayrim Cheklangan obunachi imtiyozlarini esa oilaviy guruh ishtirokchilari yoki faqat foydalanishni boshlagan birinchi ishtirokchi ishlatishi mumkin. Bolalar va oʻsmirlar uchun Google hisoblari va sinov muddatidagilar ayrim Cheklangan obunachi imtiyozlaridan foydalana olmaydi. Boshqa muvofiqlik mezonlari ham amal qilishi mumkin.
Tashqi tomonlarning xizmatlari yoki kontentini Google One orqali Cheklangan obunachi imtiyozlari sifatida taqdim etish uchun ular bilan ishlashimiz mumkin. Uchinchi tomon taqdim qilgan Cheklangan obunachi imtiyozidan foydalanish uchun Google kerakli shaxsiy axborotlarni uchinchi tomonga Google maxfiylik siyosatiga muvofiq berishi mumkinligini tushunasiz. Uchinchi tomon Cheklangan obunachi imtiyozlaridan foydalanishingiz ularning foydalanish shartlari, litsenziya kelishuvi, maxfiylik siyosati yoki boshqa shunday kelishuvlar bilan tartibga solinadi.
5. Oilalar
Ayrim Google One funksiyalari, jumladan Drive, Gmail va Photos xotirasini oilaviy guruhga ulashish mumkin (“Oilaviy ruxsat”). Sizga taqdim etilgan Cheklangan obunachi imtiyozlarini oilaviy guruhingiz ham olishi va foydalanishi mumkin. Agar bunday funksiyalarni oilaviy guruhga ulashishni istamasangiz, Google One doirasida Oilaviy ruxsatni faolsizlantirishingiz yoki oilaviy guruhni tark etishingiz kerak. Faqat Google One tarif menejerlari Google One obunasiga oilaviy foydalanuvchilarni kiritishi hamda Oilaviy ruxsatni yoqishi yoki oʻchirishi mumkin.
Agar Google One doirasidagi oilaviy guruhga kirsangiz, oilaviy guruhdagilar siz haqingizdagi ayrim axborotlarni koʻrishi mumkin. Google One Oilaviy ruxsat yoqilgan holda oilaviy guruhga kirsangiz, oilaviy guruhning boshqa ishtirokchilari yoki unga taklif etilganlar sizning ismingiz, suratingiz, email manzilingiz, zaxiralagan qurilmalaringiz va Google Drive, Gmail va Google Photos xizmatida siz ishlatadigan joy miqdorini bilishi mumkin. Oilaviy guruhdagilar Cheklangan obunachi imtiyozining oiladagi foydalanuvchi tomonidan ishlatilganini ham bilishi mumkin.
Agar siz oilaviy guruhdagi Google One tarifi menejeri ekaningizda Oilaviy ruxsatni faolsizlantirsangiz yoki guruhni tark etsangiz, oilaviy guruhdagi boshqalar Google One ishlatish imkoniyatidan ayriladi. Agar Google One tarif menejeri tomonidan Oilaviy ruxsat orqali Google One ishlatishingizga ruxsat berilgan boʻlsa, oilaviy guruhni tark etsangiz yoki Google One tarif menejeri Oilaviy ruxsatni faolsizlantirsa yoki oilaviy guruhni tark etsa, siz Google One ishlatish imkoniyatidan ayrilasiz.
6. Mobil zaxiralash va tiklash
Google One muayyan mobil qurilmalar va mobil tarif rejalari uchun takomillashtirilgan axborot zaxiralash va tiklash (“Zaxiralash va tiklash”) funksiyasini taqdim etishi mumkin. Zaxiralash va tiklashni ishlatish uchun Google Photos kabi ilovalarni oʻrnatish va aktivatsiya qilish talab qilinishi mumkin. Zaxiralash va tiklash parametrlarini istalgan vaqtda Google One ilovasida tahrirlash mumkin. Agar Google One obunasi pauza yoki bekor qilinsa, muayyan vaqtdan keyin Zaxiralash va tiklash orqali saqlangan axborotlardan ayrilishingiz mumkin, bu Android zaxira qoidalarida belgilangan.
7. Imtiyozli tariflar
Googledan boshqa tomon, masalan, mobil aloqa operatori, internet provayderi yoki boshqalar tomonidan imtiyozli tarif (har qanday holda ham “Imtiyozli tarif”) orqali sizga Google One ishlatish imkoniyati berilishi mumkin. Imtiyozli tariflardagi funksiyalar yoki komissiyalar homiy tomonidan aniqlanadi, Google One narxlariga oid axborot va Imtiyozli tarif shartlari haqida bilish uchun ularning xizmat shartlariga qarang. Imtiyozli tarifni homiy tomon orqali (bu holda oshirish yoki pasaytirishga ularning toʻlov va obuna shartlari amal qiladi) yoki bevosita Google One xizmatidan oshirish yoki pasaytirish amalini tanlash orqali oshirish yoki pasaytirishingiz mumkin. Bu holda bu yerdagi toʻlov va obuna shartlari yangi tarifga ham joriy etiladi. Imtiyozli tarif orqali Google One uchun muvofiqligingiz va foydalanish davomiyligini homiy tomon belgilaydi. Homiy tomon istalgan vaqtda Imtiyozli tarifni pauza qilishi yoki tugatishi mumkin.
8. Maxfiylik
Google One xizmatini bu Shartlarda tavsiflanganidek taqdim etish uchun Google siz kiritgan axborotlarni Google maxfiylik siyosatiga muvofiq tarzda jamlaydi va ishlatadi. Google One xizmatlarini taqdim etish, tranzaksiyalarni amalga oshirish yoki Google One xizmatini yaxshilash maqsadida undan foydalanishingizga oid axborotlarni jamlashimiz va ishlatishimiz mumkin. Google One xizmatini yaxshilash, sizga imtiyozlar berish yoki Google One tashviqoti uchun boshqa Google xizmatlaridan foydalanishingizga oid axborotlarni ham ishlatishimiz mumkin. Googledagi faoliyatingizni jamlash va ishlatishni myaccount.google.com manzilida boshqarishingiz mumkin.
Google One taqdim etish uchun siz haqingizdagi muayyan axborotlarni uchinchi tomonga berishimiz mumkin, bunga uchinchi tomon Cheklangan obunachi imtiyozlariga mosligingizni aniqlash yoki Imtiyozli tarifga yoki sinov muddatiga munosibligingizni aniqlash ham kiradi. Oilaviy guruhingizning Google One holati va obunasi haqidagi axborotni taqdim etish uchun siz haqingizdagi axborotlarni oilaviy guruhga berishimiz mumkin.
Google One xizmatidan foydalanganingiz sababli sizga xizmat xabarnomasi, administrativ xabarlar va boshqa axborotlarni yuborishimiz mumkin. Shuningdek, Cheklangan obunachi imtiyozlariga biriktirilgan xatlar va qurilma bildirishnomalarini yuborishimiz mumkin. Ularning ayrimlaridan voz kechishingiz mumkin.
9. Oʻzgarishlar
Google One xizmatiga oʻzgarish kiritish huquqini saqlab qolamiz. Boshqa funksiyalarni taqdim etish uchun Google One oʻzgartirilishi mumkin. Google One xizmatining obuna vaqtidagi shakliga yozilganingizga rozilik bildirasiz. Yuqoridagi 2-qismda keltirilganidek, biz vaqti-vaqti bilan Google One uchun turlicha shartlar va darajalarni taklif etishimiz mumkin, bunday shartlar va darajalar uchun obuna haqi turlicha belgilanishi mumkin.
10. Tugatish
Google istalgan vaqtda, jumladan bu Shartlarni buzganlik uchun Google One xizmatini toʻxtatishi mumkin. Agar Imtiyozli tarif ishlatsangiz, Google One xizmatidan foydalanishingizni homiy tomon ham pauza qilishi yoki tugatishi mumkin. Google sizga xabar berish orqali istalgan vaqtda Google One xizmatini pauza qilish yoki tugatish huquqini saqlab qoladi.