Google One qoʻshimcha xizmat shartlari

Oxirgi tahrir: 11-noyabr, 2025 |

Google One xizmatidan foydalanish uchun (1) Google xizmat shartlari va (2) mazkur Google One qoʻshimcha xizmat shartlarini (“qoʻshimcha shartlar”) qabul qilish zarur. Ushbu qoʻshimcha shartlarda belgilanmagan qoidalarni Google xizmat shartlaridan topish mumkin.

Bu hujjatlarni diqqat bilan mutolaa qilib chiqing. Bu hujjatlar birgalikda “Shartlar” deb ataladi. Unda Google xizmatlaridan foydalanishdagi majburiyatlaringiz belgilangan.

Maʼlumotlaringizni yangilash, boshqarish, eksport qilish va oʻchirish tartibini yaxshiroq tushunishingiz uchun Maxfiylik siyosati bilan tanishib chiqishingiz tavsiya etiladi.

1. Bizning xizmat

Google One xizmati Gmail, Google Photos va Google Drive xizmatlarida ishlatiladigan pulli xotirali obuna tariflarini, jumladan, sizga Google yoki tashqi xizmat orqali taqdim etilgan qoʻshimcha imtiyozlarni taklif qiladi. Shuningdek Google One xizmati Google ishlab chiqqan muayyan AI funksiyalarga pulli ruxsat taqdim etadigan obuna tariflari va AI kreditlarni taklif qiladi. Google yoki tashqi xizmat taqdim qilgan qoʻshimcha imtiyozlardan foydalanishingiz shu imtiyozlarga tegishli xizmat shartlari bilan tartibga solinadi. Ayrim imtiyozlar barcha mamlakatlarda ishlamasligi va ular uchun boshqa cheklovlar amal qilishi mumkin. Batafsil axborot bilan Google One yordam markazi orqali tanishing.

Google One xizmati sizga Google kompaniyasi tomonidan Google xizmat shartlarida belgilangan tartibda taqdim etiladi. Google One obunasini yoki AI kreditlarni sotib olsangiz, Google kompaniyasi (2-boʻlimni qarang) yoki tashqi xizmat kabi sotuvchi bilan alohida shartnoma tuzasiz. Google One obunasi tashqi xizmat yoki hamkor orqali rasmiylashtirilsa, obuna uchun tashqi xizmat yoki hamkorning qoʻshimcha shartlari amal qilishi mumkin.

AI Kreditlar

AI kreditlarni tegishli AI funksiyalardan foydalanishda soʻrovlarni yoqish va qayta ishlash uchun sarflash mumkin. Muayyan amalni (masalan, video yaratish) bajarish uchun zarur kreditlar soni tegishli mahsulot yoki funksiya ichida taqdim etiladi. Google AI funksiyalardan foydalanishdagi kreditlar narxini oʻzgartirish huquqini saqlab qoladi. AI kreditlar faqat Google vaqti-vaqti bilan taqdim qiladigan muayyan AI funksiyalariga kirish uchun ishlatiladi.

AI kreditlar olingach, maʼlum muddatda tugaydi.

AI kreditlar ustidan mazkur Shartlarda belgilangan holatlardan tashqari huquq yoki vakolatlaringiz mavjud emas. AI kreditlarni boshqa foydalanuvchi yoki hisobga sotish yoki uzatish hamda sotish yoki uzatishga urinish mumkin emas. AI kreditlar xarid qilsangiz, tegishli muayyan AI funksiyalardan foydalanish ruxsati uchun oldindan toʻlaysiz. AI kreditlar raqamli valyuta, qimmatli qogʻoz, tovar yoki moliyaviy vositaning boshqa turi hisoblanmaydi va pul mablagʻlariga ayirboshlanmaydi. AI kreditlar faqatgina Google eko-tizimidagi muayyan AI funksiyalar uchun ishlatilishi mumkin. Google One tarif rejangiz tugatilsa yoki bekor qilinsa, har qanday ishlatilmagan AI kreditlar mavjud toʻlovni qaytarish qoidalariga binoan bekor qilinishi mumkin.

AI kreditlar haqida batafsil.

2. Xaridlar va toʻlovlar

Google One obunalari muddatsiz amal qiladi va obuna bekor qilmaguncha toʻlov davrining har boshida obuna shartlariga muvofiq (masalan, har oy, har yili yoki boshqa davriylikda) hisobingizdan haq olinadi.

Google One obunasi yoki AI kreditlar xarid qilinganda sotuvchi bilan alohida shartnoma amal qilishi mumkin. Masalan, Google Play Market orqali Google obunasi rasmiylashtirilsa, yoki AI kreditlar xarid qilinsa, xarid uchun Google Play xizmat shartlari amal qiladi.

Google Play Market orqali xarid qilingan Google One obunasi yoki AI kreditlarning sotuvchisi quyidagicha belgilanadi:

  • Yevropa, Yaqin Sharq va Afrika mamlakatlari isteʼmolchilari uchun: Google Commerce Limited
  • Hindiston isteʼmolchilari uchun: Google Ireland Limited
  • Osiyo-Tinch okeani mintaqasi isteʼmolchilari uchun: Google Digital Inc.
  • AQSH va dunyoning boshqa mamlakatlari isteʼmolchilari uchun: Google LLC.

Google One obunasi yoki AI kreditlar tashqi xizmat yoki hamkor orqali xarid qilinganda shu tashqi xizmat yoki hamkor toʻlov usulingizdan mablagʻ yechib oladi va obunani bekor qilish va toʻlovni qaytarish kabi toʻlovga aloqador muammolarni hal qilish javobgarligini oʻz zimmasiga oladi.

Sotuvchi Google One obunasi uchun toʻlov yecha olmasa, toʻlov usulingiz yangilanmaguncha Google One xizmatiga ruxsatingiz yopilib qolishi mumkin. Xabar qilinganidan keyin toʻlov usulingizni belgilangan muddat ichida yangilamasangiz, Google One xizmatiga ruxsatingiz bekor qilishi yoki tugatilishi mumkin.

3. Narxlar va takliflar

Takliflar. Vaqti-vaqti bilan Google One obunasi sinovini qoʻshimcha toʻlovsiz taklif qilishimiz mumkin. Sinov davri mavjud Google One obunasini xarid qilsangiz, Google One xizmatiga sinov davri davomida ruxsat olasiz. Sinov muddati tugagach va amaldagi qonunchilik tomonidan ruxsat etilgan doirada, agar sotuvchiga yaroqli toʻlov usulini taqdim etsangiz, sizdan har bir hisob-kitob davri uchun avtomatik ravishda obuna haqi undiriladi va obunangizni bekor qilmaguningizcha undirish davom etadi. Hisobingizdan toʻlov yechilmasligi uchun sinov muddati tugashidan oldin sotuvchi orqali obunani bekor qilishingiz kerak. Shuningdek, vaqti-vaqti bilan Google One obunasiga chegirmalarni ham taklif qilamiz. Bu takliflarga qoʻshimcha shartlar, jumladan, ishtirok mezonlari tatbiq etilishi mumkin va bunday qoʻshimcha shartlar foydalanish yoki xarid qilishingizdan oldin taqdim etiladi. Takliflar amaldagi qonunchilik bilan taqiqlangan yoki cheklangan joylarda amal qilmaydi.

Narxlar oʻzgarishi. Vaqti-vaqti bilan Google One obunalari yoki AI kreditlarning narxi oʻzgarishi mumkin. Masalan, inflyatsiya, tegishli soliqlardagi oʻzgarishlar, tanituv takliflaridagi oʻzgarishlar, Google One xizmatidagi oʻzgarishlar yoki biznes talablaridagi oʻzgarishlarni muvozanatlash maqsadlarida. Google One obunalari narxlarining oʻzgarishi joriy toʻlov davri yakunidan keyin va xabar qilinganidan keyingi toʻlov muddatida tatbiq etiladi. Narxlar oshirilishidan kamida 30 kun oldin xabar beramiz. Agar 30 kundan kamroq vaqt ichida bildirishnoma kelsa, yangi narxlar keyingi hisob-kitob davrida tatbiq etiladi. Google One obunangizni yangi narxda davom ettirishni istamasangiz, mazkur Shartlarning Bekor qilishlar boʻlimida tavsiflangan tartibda obunangizni bekor qilishingiz mumkin. Bunda obuna uchun qoʻshimcha haq olinmasligi uchun joriy hisob-kitob davrining tugatilishi haqida bizga xabar qilgan boʻlishingiz kerak. Narx oshganida rozilik olish talab qilinsa, yangi narxga rozilik bildirmasangiz, obuna bekor qilinishi mumkin.

4. Bekor qilishlar va qaytarmalar

Bekor qilishlar tartibi. Agar obunani bekor qilsangiz, qolgan davri uchun Google One xizmatidan foydalanishingiz mumkin. Bundan tashqari obunani darhol bekor qilish yoki tugatish mumkin. Bu haqidagi batafsil axborot bilan Yordam markazi orqali tanishing. Agar xaridni bekor qilish huquqiga ega boʻlsangiz va undan foydalanishni istasangiz, xaridni bekor qilish haqidagi qaroringiz yuzasidan xaridni amalga oshirgan sotuvchiga aniq bayonot orqali xabar berishingiz kerak. Agar shartnomani bekor qilish davrida xizmatdan oldindan foydalangan boʻlsangiz, sotuvchiga shartnomani bekor qilish haqida xabar bergunga qadar taqdim etilgan xizmatlar uchun mutanosib miqdorda haq toʻlashingiz talab qilinishi mumkin.

Agar Google One xizmatni oʻchirish shakli orqali oʻchiriolsa, Google One xizmatlariga ruxsat darhol yopiladi. Google One xizmatlaridan hisob-kitob davrining yakunigacha foydalanishni istasangiz, Google One oʻchirish oʻrniga obunangizni bekor qiling.

Qaytarmalar. Google One obunasi yoki AI kreditlar xarid qilinganda toʻlovni qaytarish qoidalari amal qiladi. Toʻlovni qaytarish talabini yuborish uchun xaridni amalga oshirgan sotuvchiga murojaat qilishingiz kerak. Amaldagi qonun doirasida shartnoma asosida cheklanmaydigan isteʼmolchi huquqlariga ega boʻlishingiz mumkin. Mazkur shartlar yuqorida keltirilgan huquqlarni cheklay olmaydi.

5. Mijozlarga yordam

Google One muayyan Google xizmatlari orqali mijozlarga yordam taqdim etishi mumkin. Mijozlarga yordam xizmati sizga yordam bera olmasa, sizni tegishli Google xizmatining mijozlarga yordam jamoasiga uzatishimiz yoki yoʻnaltirishimiz mumkin. Agar Google One obunangiz bekor qilinsa yoki pauza qilinsa, mijozlar xizmatida hal etilmagan muammolaringiz ham pauza qilinishi mumkin, obunani tiklaganingizdan keyin yangi talab yuborishingiz kerak. Mijozlarga yordam haqida batafsil axborotni Yordam markazi orqali olish mumkin.

6. Oilaviy ulashuv

Google One obunangiz ayrim imtyozlarni oilaviy guruhingiz (“Oilaviy ulashuv”) bilan ulashish imkonini beradi. Imtiyozlarni oilaviy guruhga ulashishni istamasangiz, Google One uchun Oilaviy ulashuvni faolsizlantiring yoki oilaviy guruhingizni tark eting. Faqat Google One tarif menejerlari Google One obunasiga oilaviy foydalanuvchilarni kiritishi hamda Oilaviy ruxsatni yoqishi yoki oʻchirishi mumkin. Oilaviy ulashuv haqida batafsil axborotni Yordam markazi orqali olish mumkin.

Agar Google One doirasidagi oilaviy guruhga kirsangiz, oilaviy guruhdagilar siz haqingizdagi ayrim axborotlarni koʻrishi mumkin. Masalan, Google One oilaviy ulashuv sozlamasi yoqilgan oilaviy guruhga qoʻshilsangiz, oilaviy guruhning boshqa ishtirokchilari yoki unga taklif etilganlar sizning ismingiz, suratingiz, email manzilingiz, zaxiralagan qurilmalaringiz, ishlatgan AI kreditlaringiz hamda foydalanadigan xotiradagi joy sigʻimini bilishi mumkin. Oilaviy guruh aʼzolari Google One obunasida taqdim etilgan muayyan qoʻshimcha imtiyozlarning oiladagi foydalanuvchi tomonidan ishlatilganini ham bilishi mumkin.

Agar siz oilaviy guruhdagi Google One tarifi menejeri ekaningizda Oilaviy ruxsatni faolsizlantirsangiz yoki guruhni tark etsangiz, oilaviy guruhdagi boshqa aʼzolar Google One obunasidan foydalanish imkoniyatidan ayriladi. Agar Google One tarif menejeri tomonidan Oilaviy ruxsat orqali Google One ishlatishingizga ruxsat berilgan boʻlsa, oilaviy guruhni tark etsangiz yoki Google One tarif menejeri Oilaviy ruxsatni faolsizlantirsa yoki oilaviy guruhni tark etsa, siz Google One ishlatish imkoniyatidan ayrilasiz.

7. Mobil zaxiralash va tiklash

Google One muayyan mobil qurilmalar va mobil tarif rejalari uchun takomillashtirilgan axborot zaxiralash va tiklash (“Zaxiralash va tiklash”) funksiyasini taqdim etishi mumkin. Zaxiralash va tiklashni ishlatish uchun Google Photos kabi ilovalarni oʻrnatish va aktivatsiya qilish talab qilinishi mumkin. Zaxiralash va tiklash parametrlarini istalgan vaqtda Google One ilovasida oʻzgartirish mumkin. Agar Google One obunasi pauza yoki bekor qilinsa, muayyan vaqtdan keyin Zaxiralash va tiklash orqali saqlangan axborotlardan ayrilishingiz mumkin, bu Android zaxira qoidalarida belgilangan.